Xavotirga oʼrin yoʼq: "Cold Out" dori vositasi yurtimizda davlat roʼyxatidan oʼtkazilmagan.

09.08.2023 958

❗️Xavotirga oʼrin yoʼq: "Cold Out" dori vositasi yurtimizda davlat roʼyxatidan oʼtkazilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda JSST tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan "Cold Out" yoʼtal va shamollashga qarshi zaharli sirop xavfidan ogohlantirish xabarlari tarqalmoqda.

 Ushbu yoʼtalga qarshi qoʼllaniluvchi dori vositasi haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi quyidagilarni maʼlum qiladi.

JSST maʼlumotlariga koʼra, "Cold Out" siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston) tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan boʼlib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Shuningdek, Hindiston Sogʼliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʼra, mazkur dori vositasi Iroqda oʼtkazilgan alohida sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, erkin savdodan qaytarib olingan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaganligini maʼlum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildiradi.

Maʼlumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat roʼyxatidan oʼtkazilgandan keyin ruxsat etiladi.

Taʼkidlash joiz, 2023 yil fevralь oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirob shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari boʼyicha chuqur tekshirilib, Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qatʼiy nazorat oʼrnatilganligini eslatib oʼtamiz.