Dorixonada inyeksion va infuzion dori vositalarini tayyorlashga qanday talablar qo'yilgan?

02.10.2023 1620

"Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, saqlash, ularning sifatini nazorat qilish hamda ularni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, inyeksion va infuzion dori vositalarini tayyorlashga quyidagi talablar qo'yilgan:

✅ Tayyorlangan inyeksion va infuzion eritmalar ko‘rinadigan mexanik aralashmalardan holi, steril, barqaror bo‘lishi, pirogenlik sinoviga bardoshli bo‘lishi kerak.

✅ Inyeksion va infuzion eritmalar aseptik (steril) sharoitlarda inyeksiyalar uchun ishlatiladigan suvda og‘irlik-hajm usulida tayyorlanadi.

✅ Bir ish joyida tarkibida turli nomdagi dori vositalari yoki bir nomdagi turli konsentratsiyalardagi dori vositalari bo‘lgan bir necha inyeksion va infuzion eritmalarni bir vaqtning o‘zida tayyorlash taqiqlanadi.

✅ Inyeksion va infuzion eritmalarni ularning tarkibiga kiruvchi dori vositalarining kimyoviy jihatdan bir-biriga mosligi, sterilizatsiya texnologiyasi va rejimi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmaganda, shuningdek farmakopeya maqolasida, umumiy farmakopeya maqolasida belgilangan sifatni nazorat qilish usullari bo‘lmaganda yoxud sifatni nazorat qilish sohasidagi hujjat bo‘lmaganda tayyorlash taqiqlanadi.

✅ Inyeksion va infuzion eritmalar qo‘llanilishi ruxsat etilgan filtrlash materiallaridan (gigroskopik paxta, doka, kamdan-kam hollarda — shoyi, kaprondan) foydalangan holda filtrlanadi. Eritmani filtrlash uni steril tiqinlar bilan berkitiladigan, tayyorlab qo‘yilgan steril flakonlarga bir vaqtning o‘zida quyib chiqqan holda amalga oshiriladi.

✅ Inyeksion va infuzion eritmalarni tayyorlash boshlanishidan to sterilizatsiyalashgacha bo‘lgan vaqt oralig‘i 3 soatdan oshmasligi lozim.

✅ Inyeksion va infuzion eritmalar ushbu Nizomning 1-ilovasidagi 1-jadvalda ko‘rsatilgan sterilizatsiya rejimlari talablariga muvofiq sterilizatsiya qilinadi.

✅ 1 litrdan ko‘p hajmli eritmalarni sterilizatsiya qilishga hamda inyeksion va infuzion eritmalarni qaytadan sterilizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

✅ Sterilizatsiya jarayoni butun solinadigan hajmning samarali sterilizatsiya qilinishini ta’minlashi kerak.

✅ Sterilizatsiya termik usullarining parametrlari va samaradorligini nazorat qilish nazorat-o‘lchov priborlari, kimyoviy va biologik testlar yordamida amalga oshiriladi.