Markaz mutaxasssislari Belarus “Sog‘liqni saqlash tizimidagi ekspertizalar va tadqiqotlar markazi” faoliyati bilan tanishdi

28.11.2023 568

Xabar berganimizdek, shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi xizmat safari bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi. Mazkur delegatsiya tarkibida Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining bir guruh mutaxassislari ham o'rin egallagan.

Vakillarimiz Minsk shahriga tashrif doirasida bugun, Belarus Respublikasining “Sog‘liqni saqlash tizimidagi ekspertizalar va tadqiqotlar markazi” Respublika unitar korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

 

Ma’lumot uchun mazkur muassasa dori vositalari va tibbiyot buyumlari muomalasi sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni olib borish maqsadida 1997 yil, Belarus Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi buyrug’i bilan tashkil etilgan bo’lib, uning tuzilmasi 4 ta asosiy boʻlimni oʻz ichiga oladi: dori vositalari bilan taʼminlash boʻlimi, gigiyenik jihatdan tartibga solish va roʻyxatga olish boʻlimi, tibbiyot texnikasi boʻlimi hamda litsenziyalash va tekshirish boʻlimi.

Uchrashuv davomida xalqaro miqyosda, uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, kadrlar malakasini oshirish va tajriba almashish, O‘zbekiston va Belarus Respublikalari sog‘liqni saqlash vazirliklarining dori vositalari, farmatsevtik substansiyalar, tibbiy mahsulotlar xavfsizligi, samaradorligi va sifatini taʼminlash borasidagi siyosatini amalga oshirish kabi soha rivojiga xizmat qiluvchi qator masalalar muhokama qilindi.

 

Vakillarimizning xizmat safari davom etmoqda. Delegatsiyamiz ertaga, Minsk shahrida bo'lib o'tadigan “O‘zbekiston-Belarus sog‘liqni saqlash va tibbiyot taʼlimi kunlari”ga bag‘ishlangan forumda ishtirok etadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati