Markaz mutaxassislari Xitoyda malaka oshirmoqda

08.08.2023 894

Аyni kunlarda SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish labarotoriyasi mutaxassislari AIBO - Xalqaro biznes xodimlari akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Rivojlangan mamlakatlar uchun tibbiy tasvirlash qurilmasini konfiguratsiya qilish va boshqarish” mavzusida oʼtkazilayotgan seminarda ishtirok etmoqda.

Ushbu seminar 14 avgustga qadar davom etib, ishtirokchilar oʼquv mashgʼulotlari davomida Xitoyning farmatsevtika sanoati siyosati, sohaga yoʼnaltirilgan investitsiyalarni boshqarishning soʼngi tendentsiyalari va modellari, yangi turdagi dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika shuningdek, aqlli shifoxonalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilish imkoniyatlari va shu kabi bir qator muhim mavzularda qimmatli maʼlumolarga ega boʼlish bilan birga, ularni amaliyotga tadbiq etish boʼyicha tajriba almashishadi.

Bundan tashqari Markazning yana 2 nafar mutaxassisi ham Xitoyda malaka oshirishi rejalashtirilgan boʼlib, ular joriy yilning 11-24 avgust kunlari AIBO tomonidan tashkil etiladigan “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun anʼanaviy xitoy tibbiyotiga asoslangan sogʼliqni saqlash” mavzusidagi oʼquv-seminarida ishtirok etadi.

Maʼlumot uchun, Xalqaro biznes xodimlari akademiyasi (AIBO) Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligiga bevosita boʼysunuvchi taʼlim muassasasi hisoblanib, 1980 yilda tashkil etilgan. AIBOning asosiy vazifalaridan biri inson resurslarini rivojlantirish va hamkorlik loyihalarini amalga oshirish shuningdek, mutaxassilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish hisoblanadi.