So‘nggi yillarda respublikada giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasini qat’iy nazorat qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, tibbiyot, farmatsevtika va tashqi savdo sohalarida ushbu moddalar bilan bog‘liq faoliyat hajmi kengayib borayotgan bir paytda, ularning qonuniy, xavfsiz va shaffof muomalasini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida Chora-tadbirlar REJASI” ni amalga oshira borib 2025 yil yakunlari Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan chora-tadbirlar mazkur yo‘nalishda yondashuvlar tubdan yangilanayotganini ko‘rsatdi. Nazorat mexanizmlarining raqamlashtirilishi, litsenziyalash talablarining kuchaytirilishi hamda profilaktik ishlarning hududlar kesimida olib borilishi sohaga nisbatan tizimli va kompleks qarash shakllanayotganidan dalolat beradi.
Sertifikatlashtirish hajmi oshdi
2025-yil davomida Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi tomonidan respublika hududiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish hamda hududdan olib chiqish bo‘yicha jami 108 ta sertifikat rasmiylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan sezilarli darajada oshgani bilan e’tiborga loyiq.
Mazkur o‘sish nazoratning susayganini emas, balki mazkur yo‘nalishda tartib-taomillar aniq belgilanganini va jarayonlarning ochiqligi ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. Ekspertlar fikricha, sertifikatlashtirish mexanizmlarining faol ishlashi noqonuniy muomalaga qarshi samarali filtr vazifasini bajarmoqda.
Litsenziyalashda raqamli islohotlar
2025-yil giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash sohasida muhim burilish yili bo‘ldi. Avval an’anaviy tartibda amalga oshirilgan litsenziyalash jarayonlari maxsus elektron tizim orqali yuritila boshlandi.
Natijada:
- elektron tizim orqali 364 ta litsenziya berildi;
- 100 dan ortiq litsenziya komissiyasi yig‘ilishlari o‘tkazildi
- 106 ta holatda arizalar rad etildi.
106 ta holatda rad etilgan arizalar arizachi tomonidan to‘g‘rilandi va qayta topshirildi. Arizalarning rad etilishi litsenziyalash talablarining kuchayganini, shuningdek, sohaga faqat belgilangan me’yor va standartlarga to‘liq javob beradigan subektlargagina ruxsat berilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa nazorat tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Nazorat bilan birga profilaktika
Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi faoliyatida tekshiruv va nazorat tadbirlari bilan bir qatorda, tushuntirish va profilaktika ishlari ham muhim o‘rin egalladi. 2025-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda 172 ta davolash-profilaktika muassasalarida o‘rganish ishlari o‘tkazildi hamda 11 ta sayyor seminarlar tashkil etildi. Seminar ishida 1707 ta mutaxassis ishtirok etdi.
Mazkur tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul xodimlarga amaliy tushuntirishlar berilib, me’yoriy hujjatlar talablari batafsil sharhlab berildi. Bu esa sohada faqat nazoratga asoslangan emas, balki hamkorlik va profilaktikaga yo‘naltirilgan yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida
2025 yil yakunlari shuni ko‘rsatadiki, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasini tartibga solish sohasida davlat nazorati sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Raqamlashtirilgan litsenziyalash, sertifikatlashtirish jarayonlarining faollashuvi hamda hududlar kesimida olib borilgan profilaktik ishlar tizimning barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur yondashuv nafaqat qonunbuzarliklarning oldini olishga, balki tibbiyot va farmatsevtika sohalarida xavfsiz, mas’uliyatli va shaffof faoliyat muhitini shakllantirishga zamin yaratmoqda.