Markaz mutaxassislari WHO-NNB va WHO-GNP qo‘shma yillik yig‘ilishida ishtirok etmoqda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan Fransiyada o‘tkazilayotgan WHO Global Network of National Quality Control Laboratories (WHO-GNP — dori vositalari bo‘yicha milliy sifat nazorati laboratoriyalari global tarmog‘i) va WHO NCL Network for Biologicals (WHO-NNB — vaksinalar va biologik mahsulotlar sifatini nazorat qiluvchi milliy laboratoriyalar tarmog‘i)ning qo‘shma yillik yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda.
“Advancing Laboratory Excellence Through Collaboration, Innovation and Regulatory Agility” (“Hamkorlik, innovatsiya va regulyator moslashuvchanlik orqali laboratoriya mukammalligini rivojlantirish”) mavzusida bo'lib o'tayotgan ushbu nufuzli anjuman xalqaro global miqyosda dori vositalari hamda biologik mahsulotlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha eng muhim muloqot platformalaridan biri hisoblanadi.
Tadbir davomida a’zo davlatlar milliy sifat nazorati laboratoriyalarining tajribasi, market surveillance (bozor monitoringi), substandard and falsified products (sifatsiz va qalbakilashtirilgan mahsulotlar)ni aniqlash, laboratoriyalarni digitalization (raqamlashtirish), sun’iy intellektni sifat nazoratida qo‘llash, xalqaro me’yorlar — TRS (Technical Report Series — WHO texnik hisobotlar to‘plami), GPPQCL (Good Practices for Pharmaceutical Quality Control Laboratories — sifat nazorati laboratoriyalari uchun yaxshi amaliyotlar)ni amaliyotga joriy etish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Markaz mutaxassislari O‘zbekistonning sifat nazorati tizimini takomillashtirish, xalqaro laboratoriya tarmoqlari bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirish va global me’yorlarga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashuvlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, reliance mechanisms (o‘zaro tan olish mexanizmlari), capacity building (salohiyatni oshirish), lot release (vaksina partiyalarini tasdiqlash jarayoni) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim sessiyalar davomida o'zaro fikr almashilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, farmatsevtika xavfsizligi bo‘yicha xalqaro maydonda talablar kuchayib borayotgan bir paytda Markaz mutaxassislarining muntazam ravishda malakasini oshirib borishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Zero, global standartlar asosida tayyorlangan, xalqaro jarayonlardan bevosita xabardor bo‘lgan mutaxassislar nafaqat dori vositalari sifatini baholash tizimini mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida shaffoflik, xavfsizlik va jamoatchilik ishonchini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Mutaxassislarning bunday xalqaro tizimdagi ishtiroki kelajakda respublikamizda innovatsion laboratoriyalarni rivojlantirish, xalqaro tan olinadigan ekspertiza salohiyatini shakllantirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga mustahkam poydevor yaratadi.