Onkologiya muassasalariga yetkazilgan tibbiy jihozlar sinovdan o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi PQ–242-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va hududlardagi onkologiya muassasalariga o‘rnatilgan tibbiy jihozlar va diagnostik uskunalar sinovdan o'tkazilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida uskunalarning tibbiyot amaliyotida qo‘llanishga muvofiqligini aniqlash maqsadida sinov ishlari olib borilib, ijobiy natijalarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish” loyihasining I bosqichi doirasida 2016—2021-yillar davomida Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallariga umumiy qiymati 22,8 million AQSh dollari miqdoridagi davolash, diagnostika va radioterapevtik tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berilib, ishga tushirilgan edi.
Loyihaning II bosqichi (2022–2026-yillar) doirasida esa onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, shuningdek, 110 turdan ortiq zamonaviy tibbiy hamda diagnostik asbob-uskunalar xarid qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislarini jalb etgan holda onkologiya xizmati salohiyatini oshirish, saraton kasalligini erta bosqichlarda aniqlash, soha mutaxassislarini o‘qitish va tayyorlash hamda onkologiya ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlashning elektron tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.