Farmatsevtika sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
Poytaxtimizdagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida IV Xalqaro Farmatsevtika Forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur tadbir doirasida farmatsevtika sohasidagi dolzarb masalalar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Forumning ochilish marosimida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov ishtirok etdi va o‘z chiqishida so‘nggi yillarda mamlakatimiz farmatsevtika tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, sohaning zamonaviy xalqaro talablarga mos ravishda rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan elektron formatga (eCTD) o‘tish orqali ishlab chiqaruvchilar uchun ma’muriy yukni kamaytirish, standart talablar va ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilganligi, Xavflarni erta aniqlash va monitoring qilish imkonini beruvchi “Farmakonadzor” milliy elektron bazasi ishga tushirilgani hamda JSST prekvalifikatsiyasini olish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilyotganligi haqida ishtiroqchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Alisher Temirov o‘z nutqida dori vositalarining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda aniqlik, tenglik va texnik shaffoflik prinsiplariga qat’iy amal qilinishayotganini ta’kidlab, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi barcha bosqichlarda — ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib, postmarketing nazoratigacha — ochiq muloqot va hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur forum farmatsevtika sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, milliy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.