O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining birinchi nashri uchinchi jildi tasdiqlandi

11.02.2023 1548

Farmakopeya ‒ bu alohida mamlakatda yoki maʼlum bir xududda ishlatiladigan dori vositalari sifatini taʼminlash uchun qonunan rioya etilishi shart bo‘lgan standartlar to‘plamidir.

Zamonaviy farmakopeyalaring asosiy vazifasi dori vositalari sifatiga umumiy talablarni, shuningdek faol farmatsevtika substansiyalari, tayyor dori vositalari, yordamchi moddalar, reaktivlar, reagentlar va shu kabilarga qo‘yiladigan alohida sifat standartlarini belgilashdan iboratdir.

Tayyor dori vositalari va ularni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan faol va yordamchi moddalar va boshqa xom ashyo mahsulotlariga nisbatan zamonaviy yuqori talablarni belgilanishi oxir oqibatda eng muhim masala bo‘lmish dori vositalarning yuqori darajadagi sifati, samaradorligi va bezararligini taʼminlashga qaratilgandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10 apreldagi “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5707-son Farmoni bilan Davlat farmakopeyasini qisqa muddatlarda jahonda eʼtirof etilgan xalqaro, hududiy va rivojlangan mamlakatlarni farmakopeyalari bilan uyg‘unlashgan holda ishlab chiqish vazifasini belgilanishi, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini turli yo‘nalishlarining yana-da rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan yuqori eʼtibor va shu bilan birga alohida talab va masʼuliyatning ifodasidir.

Davlat farmakopeyasi loyihasini xalqaro eʼtirof etilgan farmakopeyalar bilan uyg‘unlashgan holda tayyorlash uchun asosiy manba sifatida Yevropa farmakopeyasidan va yordamchi manbalar sifatida, ularning ustuvorligiga qarab, Xalqaro va YEOII farmakopeyalari, AQSH, Britaniya, Yaponiya farmakopeyalari, shuningdek Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va boshqalaridan foydalanildi.

Bugungi kunda amalda bo‘lgan JSSTning “Jahon farmakopeyalari va farmakopeya organlari indeksi”ga kirgan mamlakatlar ro‘yxatida 57 ta mamlakat, jumladan 3 ta hududiy farmakopeya organlari (YEI, YEOII va Afrika mamlakatlari) va 1 ta JSST (xalqaro farmakopeya) aks ettirilgan bo‘lib, 2021 yil dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi ham ushbu indeksga kiritilgandir.

Taʼkidlash joiz, 2023-yil 07 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 26-son buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining birinchi nashri uchinchi jildi tasdiqlandi.

Davlat farmakopeyasining 1-nashri 3-jildiga quyidagi: dorivor o‘simlik xom ashyosi va dorivor o‘simlik xom ashyosidan tayyorlangan dori vositalar; gomeopatik preparatlar; tibbiyotda qo‘llash uchun vaksinalar; tibbiyotda qo‘llash uchun immun zardoblar; tibbiyotda qo‘llash uchun bioterapevtik mahsulotlar; radiofarmatsevtik preparatlar xamda tibbiyotda qo‘llash uchun chokli materiallar guruhlariga mansub bo‘lgan dori vositalarining jami 541 ta xususiy farmakopeya maqolalari kiritilgandir. Shu bilan birga umumiy farmakopeya maqolalari bo‘limida yuqoridagi guruhlarga oid dori vositalarining jami 17 ta umumiy farmakopeya maqolalari joy olgan.

Hozirda Tahririyat kengashi va uning kotibiyati tomonidan Davlat farmakopeyasining 1-nashri 3-jildini tipografik usulda nashr etish bo‘yicha ilmiy-amaliy, redaksion va texnik tahrir ishlari yakunlanmoqda.

Izoh: Yuzaga keladigan har qanday savollar va takliflar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining Tahririyat kengashi kotibiyatiga murojaat etishingiz mumkin.

Kotibiyat bilan bog‘lanish uchun aloqa vositalari:

Manzil: 100084, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Ch.Aytmatov k., 1A uy.
Telefon: +998 71 203-81-81;
E-mail: pharmacopoeia@uzpharmagency.uz;
Telegram: @TahririyatKengashi.

Hurmat bilan,
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Farmakopeyasi bosh muharriri,
farmatsevtika fanlari doktori, professor X.K.Djalilov

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi
a standartlashtirish Davlat markazi axborot xizmati