Jigar transplantatsiyasi: ilk bemor shifo topib uyiga qaytdi

26.03.2018 9922

Mamlakatimiz tibbiyoti tarixida ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemor parkentlik 26 yoshli Ubaydulla Dadaxo‘jayev bugun shifo topib uyiga qaytdi. 

Mutaxassislar taʼkidlashicha, jigarning terminal bosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, rezeksiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu aʼzo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar AQSH, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya ва Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz ham ushbu mamlakatlar qatoridan joy olgani quvonarlidir.

 

— Transplantologiya amaliyotini bajarishga tibbiyot muassasamizda katta tayyorgarlik ko‘rildi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, akademik Feruz Nazirov. — Markazimizning texnik imkoniyatlari yaxshilandi, mutaxassislarimiz AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya ва Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo‘jayev donorlik qildi. Va nihoyat 15 soat davom etgan operatsiyani muvaffaqiyatli yakunlashga erishdik. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli juda yaxshi. Bemor tavsiyalarimizga to‘la amal qilsa, u tezda butunlay sog‘ayib ketadi.

 

Ha, davlatimiz tomonidan tibbiyot rivojiga qaratilayotgan jiddiy eʼtibor ва shifokorlarimizning saʼy-harakatlari bilan 26 yoshli bir navqiron yigit jigar sirrozi deb atalmish og‘ir xastalikdan butkul xalos bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytdi. Bu nafaqat bemorga, uning yaqinlariga ham ulkan quvonch baxsh etdi.

— Ukamni ayni navqiron yoshida dard tobora yemirib borayotganidan qattiq iztirob chekardik, — deydi Ubaydullaning akasi Hayot Dadaxo‘jayev. — Oxirgi paytlarda uning dardi yana-da og‘irlashdi. Ukamga yordam berish chorasini izlardik. Biroq jigar transplantatsiyasi uchun xorijga chiqishga to‘g‘ri kelishi, buning uchun katta mablag‘ talab etilishi oilamizni qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Mamlakatimiz tibbiyotiga bunday yangilikning kirib kelishi ukamni hayotga qaytardi, desam xato bo‘lmaydi. Mana, bugun u darddan forig‘ bo‘lib, yangi hayotga qadam qo‘ydi. Ishonamanki, tibbiyotimizning bu yutug‘i yana ko‘plab bemorlarga sog‘lom hayot baxsh etadi. Qancha-qancha oilalar bu imkoniyatdan bahramand bo‘ladi.

Manba: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Suratda: Bemor Ubaydulla Dadaxo‘jayevni shifokorlar uyiga kuzatishmoqda.