Markazda “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tadbir o‘tkazildi

27.08.2025 1047

Markazda “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tadbir o‘tkazildi

Xalqimiz tibbiyotdan to‘laqonli rozi bo‘lishi uchun soha korrupsiyadan butunlay xoli bo‘lishi shart! Hozir bu yo‘nalishda tizimli ishlar boshlangan. Dastlabki ijobiy natijalar ham bor. Ammo oldinda hali o‘z yechimini kutayotgan muammoli masalalar talaygina.

Prezidentimiz qo‘ygan talablar esa qat’iy: shu yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilanganidek, endilikda tajriba tariqasida 5 ta vazirlik va idorada “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshiriladi. Bu ro‘yxatda Sog‘liqni saqlash vazirligi ham bor.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu xususda alohida to‘xtalib o‘tildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish — bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PQ-147-son qarorida ham aynan mehnat jamoalarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat va jamiyatda odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash davlat organlari va tashkilotlari oldiga muhim vazifa qilib qo‘yilgani buning yaqqol ifodasidir.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash hamda xodimlarda qonun ustuvorligi va unga hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirish, huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchanligini oshirish maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 2025-yilning avgust oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida mazkur oylik doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Markaz direktori Alisher Temirov, o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati, qabul qilingan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va bu jarayonda har bir xodimning mas’uliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, u korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilotlarda ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Markazning barcha tuzilmalari va mas’ul xodimlari bilan bir qatorda Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Urganch shaharlaridagi hududiy filiallar vakillari ham faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz munosabat bildirish, xizmat faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish so‘nggida ishtirokchilar korrupsiyaning oldini olishda shaxsiy va jamoaviy mas’uliyatni yanada kuchaytirish yuzasidan qator taklif va mulohazalarini bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘limi