Farmatsevtika sohasida ilmiy izlanishlar va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar
Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi tarkibida faoliyat yurituvchi Tadqiqotlar va o‘quv-trening bo‘limi mahalliy va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy ta’lim tashkilotlarini hamkorlikka taklif etadi.
Markaz tarkibida 2002 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur bo‘lim respublikada klinik-oldi tadqiqotlar o‘tkazish va tibbiy jihozlar xavfsizligini baholash yo‘nalishida “GLP — Yaxshi laboratoriya amaliyoti” sertifikatiga ega bo‘lgan yetakchi laboratoriyalardan biri hisoblanadi.
Laboratoriyada asl (original) va generik dori vositalari uchun keng qamrovli preklinik tadqiqotlar amalga oshirilib, preparatlarning umumiy toksikligi, farmakologik faolligi, biosamaradorligi hamda farmakokinetik xususiyatlari ilmiy asosda baholanadi. Shuningdek, dori vositalarining allergenlik, antibakterial va antifungal ta’siri, yurak-qon tomir tizimiga ta’siri, yallig‘lanishga qarshi va og‘riqsizlantiruvchi xususiyatlari bo‘yicha ham kompleks ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Bo‘lim faoliyati zamonaviy laboratoriya uskunalari, yuqori malakali mutaxassislar jamoasi va xalqaro standartlarga mos tadqiqot metodologiyasi asosida tashkil etilgan. Bu esa olinayotgan natijalarning yuqori aniqligi va ishonchliligini ta’minlaydi.
Telefon: (+998) 99 207-55-50
Manzil: Toshkent shahar, Mirobod tumani, Oybek ko‘chasi, 45-uy (Lokatsiya)