“Farmakonazorat” milliy elektron axborot tizimida ishlash bo'yicha seminar o'tkazildi
O‘zbekistonda Toshkent shaharidagi 7-son shahar klinik shifoxonasida “Farmakonazorat” milliy elektron axborot tizimida ishlash bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Tadbirda tibbiyot muassasalarining yuzlab mas’ul xodimlari qatnashdi. Seminar tibbiyot amaliyatida dori vositalari xavfsizligini oshirish, nojo‘ya reaksiyalarni aniqlash va tizimga kiritish tartibini mazkur tizim orqali batafsil o‘rgatish maqsadida o‘tkazildi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi hamkorligida 7-son shahar klinik shifoxonasining katta majlislar zalida “Farmakonazorat” milliy elektron axborot tizimida ishlash tartibiga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar farmakonazorat tizimini amaliyotga samarali joriy etish, tibbiyot muassasalarida dori vositalari xavfsizligi ustidan monitoring faoliyatini takomillashtirish hamda mas’ul xodimlarning bu boradagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent shahri hududida faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalarining 200 nafardan ortiq mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga tibbiyot muassasalarida farmakonazorat faoliyatini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy asoslari, ushbu yo‘nalishdagi amaldagi talablar, nojo‘ya reaksiyalarni aniqlash, baholash, hujjatlashtirish va belgilangan tartibda vakolatli organlarga taqdim etish masalalari yuzasidan batafsil nazariy ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, dori vositalari bilan bog‘liq nojo‘ya reaksiyalarni erta aniqlash, ularni o‘z vaqtida qayd etish va tezkor xabar berish aholi salomatligini muhofaza qilish, dori vositalarining xavfsizlik profilini muntazam baholab borish, shuningdek, ehtimoliy xavflarni barvaqt aniqlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
O‘quv seminari jarayonida “Farmakonazorat” milliy elektron axborot tizimining funksional imkoniyatlari, undan foydalanish tartibi, nojo‘ya reaksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimga to‘g‘ri va to‘liq kiritish bosqichlari amaliy misollar asosida tushuntirildi. Ishtirokchilarga tizimda ishlash jarayoni bevosita namoyish etilib, xabarlarni rasmiylashtirishda uchrashi mumkin bo‘lgan asosiy xatolar, ularning oldini olish choralari hamda ma’lumotlar sifatini ta’minlash masalalari bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Seminar doirasida farmakonazorat tizimining samarali ishlashi, eng avvalo, tibbiyot muassasalarida mazkur yo‘nalishga mas’ul xodimlarning bilim darajasi, hushyorligi va amaliy faolligiga bevosita bog‘liq ekani qayd etildi. Shu ma’noda, bunday o‘quv tadbirlari sohada yagona yondashuvni shakllantirish, mas’ul shaxslarning kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda farmakonazorat tizimining institutsional asoslarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar berildi hamda farmakonazorat faoliyatini amaliyotga samarali tatbiq etish, nojo‘ya reaksiyalar haqida sifatli va tezkor axborot taqdim etish, shuningdek, milliy elektron tizim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar bildirildi.