Tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda muhim imkoniyat: inspeksiyadan ozod bo‘lish tartibi
Tibbiy jihozlarni O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan yangi imkoniyat joriy etildi. Endilikda ishlab chiqaruvchilar yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlar muayyan talablarga javob bergan holda ishlab chiqarish inspeksiyasidan qonuniy asosda ozod etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrda "Dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risidagi hamda Tibbiy jihozlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomlarni taqsdiqlash haqida"gi 738-son qaroriga muvofiq, ariza beruvchi akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi tomonidan berilgan O‘zMSt ISO 13485:2025 (ISO 13485:2016 IDT) sertifikatini taqdim etsa, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ishlab chiqarish inspeksiyasi o‘tkazilmaydi.
Mazkur standart “Tibbiy buyumlar — Sifat menejmenti tizimlari — tartibga solish maqsadlari uchun talablar” ni belgilab, ishlab chiqarish jarayonlarining xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Xabaringiz bor, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan O‘zMSt ISO 13485:2025 milliy standartiga muvofiqlikni tasdiqlovchi akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlash organi tashkil etilgan. Ushbu organ tomonidan berilgan sertifikat tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilari uchun qator qulayliklarni yaratadi.
Xususan, sertifikat mavjud bo‘lgan taqdirda:
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ishlab chiqarish inspeksiyasidan to‘liq ozod etiladi;
- ro‘yxatga olish jarayonining muddati qisqaradi;
- sertifikat IAF (International Accreditation Forum) xalqaro reestrida qayd etilishi tufayli xalqaro miqyosda tan olinadi;
- hujjat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq yuridik kuchga ega sifatida qabul qilinadi.
Manzil: 100002, Toshkent shahri, Ozod ko‘chasi, K. Umarov o‘tkazgichi, 16-uy
Telefon: +998 71 203-01-01 (ichki raqamlar: 2085, 2086, 2087) Faks: (71) 242-48-25
E-pochta: farmkomitet@ssv.uz
Telegram bot: @uzpharmcontrol_bot