Dori vositalari xavfsizligi va farmakonazorat tizimi bo‘yicha amaliy seminar bo'lib o'tdi

11.03.2026 550

Dori vositalari xavfsizligi va farmakonazorat tizimi bo‘yicha amaliy seminar bo'lib o'tdi

2026-yil 11-mart kuni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida dori vositalari va tibbiy jihozlar xavfsizligi monitoringini oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir soha mutaxassislari, farmatsevtika kompaniyalari va tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshirildi. Seminarda dori vositalari sifati, farmakonazorat tizimi, xalqaro tajriba, nojo‘ya reaksiyalar va xavfsizlik holatlari masalalari muhokama etildi. Xalqaro ekspert Anatoliy Krasheninnikov ham ishtirok etdi. Seminar davomida mutaxassislarning bilimlarini oshirish hamda xavfsizlik madaliyatini yanada kuchaytirishga erishildi.

Avval xabar berganimizdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida dori vositalarining farmakologik nazorati va tibbiy jihozlar xavfsizligi monitoringini takomillashtirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir soha mutaxassislari, farmatsevtika kompaniyalari hamda tegishli tashkilotlar vakillarini bir maydonga jamlab, farmakonazorat tizimidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — dori vositalari va tibbiy jihozlar sifati ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, farmakonazorat tizimiga zamonaviy yondashuv va mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, sohadagi muammoli masalalarni muhokama qilish orqali mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Sabohat Hayitova “Dori vositalari farmakologik nazorati va tibbiy jihozlarning xavfsizligi monitoringini amalga oshirish tartibi” mavzusida ma’ruza qildi. Unda amaldagi qonunchilik talablari, farmakonazorat tizimida axborot almashinuvi mexanizmlari, shuningdek, nojo‘ya reaksiyalar hamda xavfsizlik bilan bog‘liq holatlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro ekspert, Rossiyaning “Farmakonazorat milliy ilmiy markazi” bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori Anatoliy Krasheninnikov ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi egalari hamda davlat regulyator organlari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. U farmakonazorat tizimini samarali tashkil etishda ochiq va konstruktiv muloqot muhim ahamiyat kasb etishini, dori vositalari va tibbiy jihozlar xavfsizligini ta’minlashda barcha ishtirokchilarning mas’uliyati yuqori bo‘lishi zarurligini qayd etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar farmakonazorat sohasidagi xalqaro tajriba, nojo‘ya reaksiyalar va tibbiy jihozlar bilan bog‘liq xavfsizlik holatlarini monitoring qilish amaliyoti, axborot almashinuvi tizimlari hamda sohadagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Tadbir yakunida bunday amaliy seminarlar farmatsevtika bozorida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish hamda aholi salomatligini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.