Singapurda IMDRF 29-sessiyasi: O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda e’tirof etildi
Singapur shahrida tibbiy texnologiyalarni tartibga solish sohasidagi eng nufuzli xalqaro platformalardan biri — International Medical Device Regulators Forum (IMDRF) ning 29-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning yetakchi regulyator organlari, tibbiy texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.
Аnjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, mamlakatimizda tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat tomonidan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Forum kun tartibidan tibbiy jihozlarni tartibga solish tizimlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish hamda innovatsion texnologiyalarni sertifikatlash masalalari o‘rin olgan. Xususan, sun’iy intellekt asosidagi tibbiy qurilmalar, raqamli tibbiyot texnologiyalari va bozorga kirib kelayotgan yangi avlod tibbiy jihozlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha global yondashuvlar muhokama qilinmoqda.
Tadbir davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Azambek Sattarov tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solish, ularning xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan huquqiy hamda institutsional islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xalqaro ekspertlar milliy tizimni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni ijobiy baholadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, IMDRF platformasidagi ishtirok O‘zbekiston uchun xalqaro regulyator tizimlari bilan integratsiyani kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda innovatsion tibbiy texnologiyalarni joriy qilish jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumot uchun, IMDRF — tibbiy texnologiyalarni tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlik va sifat standartlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan nufuzli global forum hisoblanadi.
Forum joriy yilning 13-mart sanasiga qadar o‘z ishini davom ettiradi. Sessiya yakunida tibbiy texnologiyalarni tartibga solish bo‘yicha yangi tavsiyalar va hamkorlik tashabbuslari qabul qilinishi kutilmoqda.