Urgut tumanida elektron retsept tizimini joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar o'rganildi
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, dori vositalari aylanishida shaffoflikni ta’minlash hamda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda respublika bo‘ylab elektron retsept tizimini joriy etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida Samarqand viloyatining Urgut tumanida elektron retsept tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Tizimni joriy etish bilan bog‘liq holatlarni joyida tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida tumandagi dorixonalarga tashrif buyurildi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan dorixona mutasaddi xodimlari bilan muloqot o‘tkazildi. Suhbat davomida elektron retsept tizimining kundalik faoliyatga integratsiyasi, texnik jihatlari, tashkiliy masalalar hamda amaliyotda uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, elektron retsept tizimi dori vositalarini hisobga olish va nazorat qilishda inson omiliga bog‘liq xatolarni kamaytirish, noqonuniy muomalalarning oldini olish hamda retsept asosida beriladigan dori vositalari bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.