JSST bilan hamkorlik kengaymoqda: Markaz laboratoriyalari global tarmoqlarga qabul qilindi

11.02.2026 351

JSST bilan hamkorlik kengaymoqda: Markaz laboratoriyalari global tarmoqlarga qabul qilindi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti global tarmoqlariga affillangan a’zo sifatida qabul qilindi. Dori vositalari sifatini nazorat qilish laboratoriyasi WHO-GNP ga, vaksina va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi WHO-NNB ga qo‘shildi. Mazkur tarmoqlarga qo‘shilish laboratoriya faoliyatini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.

Dori vositalari va biologik preparatlar sifatini nazorat qilish milliy tizimini takomillashtirish doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Markaz laboratoriyalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli global tarmoqlariga affillangan a’zo maqomida qabul qilindi.

Jumladan, Markazning Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi JSSTning WHO Global Network of National Quality Control Laboratories for Pharmaceuticals (WHO-GNP) global tarmog‘iga affillangan a’zo sifatida qabul qilindi.

Shuningdek, Vaksinalar, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi JSSTning WHO Global Network of National Control Laboratories for Biologicals (WHO-NNB) global tarmog‘iga affillangan a’zo maqomini oldi.

Mazkur global tarmoqlarda ishtirok etish milliy laboratoriyalarning xalqaro laboratoriya sifat nazorati tizimiga integratsiyasini ta’minlaydi, JSST tomonidan uyg‘unlashtirilgan metodikalar va standartlarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. Natijada laboratoriya sinovlari natijalarining taqqoslanishi va ishonchliligi oshadi, shuningdek JSST tomonidan ekspert va metodologik ko‘mak olish imkoniyatlari kengayadi.

Affillangan a’zo maqomining berilishi Markaz laboratoriya salohiyatining institutsional rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi hamda dori vositalari va vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda xalqaro yondashuvlarga qat’iy sodiqlikni tasdiqlaydi.

Ushbu muhim qadam Markazning xalqaro regulyator muhitdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi hamda laboratoriya tizimini ilg‘or jahon amaliyotlari asosida rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.