“DARMON” axborot tizimini modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida qo‘llanilayotgan “DARMON” axborot tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligida muassasa mas’ul xodimlari, shuningdek Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Hindiston tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyalarining ro‘yxatdan o‘tkazish bo'yicha ma'sul mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida “DARMON” tizimining amaldagi funksional imkoniyatlari, arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlarini raqamlashtirish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash hamda tizimni xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini yanada soddalashtirish, inson omilini kamaytirish va ochiqlik hamda shaffoflikni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, tizimni xorijiy kompaniyalar uchun qulay va aniq mexanizmlar asosida takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan takliflarni inobatga olgan holda “DARMON” axborot tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.