Samarqandda tibbiyot uskunalarining metrologik nazoratiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi Metrologiya xizmati tomonidan Samarqand shahrida tibbiyot sohasida metrologik nazoratni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda SSV Metrologiya xizmatining asosiy maqsad va vazifalari, sog‘liqni saqlash muassasalarida foydalaniladigan qaysi turdagi tibbiyot uskunalari majburiy metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozimligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 7-oktyabrdagi 313-sonli qarorining mazmun-mohiyati, unda belgilangan talablar va amaliy ijro mexanizmlari tushuntirildi.
Seminar davomida tibbiyot muassasalarida o‘lchovlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, diagnostika va davolash jarayonlarida qo‘llaniladigan uskunalarning metrologik holatini nazorat qilishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berilib, sohada uchrayotgan dolzarb masalalar yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir hududiy tibbiyot muassasalarida metrologik tartib-qoidalarga rioya etilishini kuchaytirish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.