«Farmakonazorat» milliy elektron axborot tizimi bo‘yicha respublika miqyosida o‘quv-seminar tashkil etildi

06.02.2026 417

«Farmakonazorat» milliy elektron axborot tizimi bo‘yicha respublika miqyosida o‘quv-seminar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi «Farmakonazorat» milliy elektron axborot tizimi haqida respublika miqyosidagi onlayn o‘quv-seminar tashkil etdi. Tizim dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalari haqida axborot yig‘ish, tahlil qilish hamda xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Tadbirga tibbiyot muassasalarining mas’ullari qatnashdi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish hamda ularning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonda zamonaviy raqamli texnologiyalarni sog‘liqni saqlash sohasiga joriy etish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-sonli “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ularni elektron shaklda qayta ishlash, monitoring qilish hamda xalqaro axborot bazalariga uzatish imkonini beruvchi «Farmakonazorat» milliy elektron axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Mazkur tizimdan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2026-yil 21-yanvardagi 15-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlanib, dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalari haqidagi axborotni yig‘ish va tahlil qilish bo‘yicha yagona, shaffof va samarali mexanizmni yaratishga xizmat qilmoqda. Tizim dori vositalari xavfsizligini baholash, xavf omillarini erta aniqlash hamda tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan Sog'liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlgi markazi tomonidan respublika hududida faoliyat yuritayotgan barcha sog‘liqni saqlash muassasalari uchun «Farmakonazorat» milliy elektron axborot tizimida ishlash tartibiga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘quv-seminarda hududiy tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, tez tibbiy yordam shoxobchalari hamda shifoxonalarning mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilarga tizimning funksional imkoniyatlari, dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalarini elektron shaklda kiritish, ularni monitoring qilish, tahlil natijalaridan amaliyotda foydalanish hamda axborot almashinuvi jarayonlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Mazkur o‘quv-seminar tibbiyot amaliyotida dori vositalaridan oqilona va xavfsiz foydalanishni ta’minlash, nojo‘ya ta’sirlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish samaradorligini oshirish, shuningdek, farmakonazorat tizimini xalqaro standartlar darajasida rivojlantirishga qaratilgan.