Davlat farmakopeyasi — sifat va ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi izchil yondashuv
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur jarayonda normativ-huquqiy bazani xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, ilmiy asoslangan standartlarni joriy etish hamda dori vositalari sifati ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.Shu nuqtayi nazardan, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limining 2025-yildagi faoliyati ushbu strategik maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lib, buning natijasi o’laroq Davlat farmakopeyasiga kiritilgan farmakopeya maqolalarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan holda ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish va ularni muntazam ravishda dolzarblashtirib borish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Jumladan, farmatsevtika mahsulotlari sifatini taʼminlashda xalqaro yetakchi farmakopeyalar: Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalqaro farmakopeyasi (Ph. Int.), Yevropa Ittifoqining Yevropa farmakopeyasi (Ph. Eur.) va Amerika Qoʻshma Shtatlarining AQSH farmakopeyasi (USP) bilan uygʻunlashtirilgan holda ishlab chiqilgan va 450 ga yaqin farmakopeya maqolalarini o’zida jamlagan O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi (Davlat farmakopeyasi) ning ikkinchi nashri birinchi jildi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etildi.
Davlat farmakopeyasi maqolalarini ishlab chiqish va uyg’unlashtirish jarayoni Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish tizimi bo’lgan Tahririyat Hay’ati, Tahririyat Kengashi, Davlat farmakopeyasi Kotibiyati hamda Ixtisoslashgan ekspert komissiyalari va ularning ishchi guruhlarida faoliyat yurituvchi umumiy 200 dan ortiq mutaxassislarning chuqur izlanishlari, munozaralari va ochiq muhokamalarida ilmiy asoslangan va amaliy ahamiyati yoritilgan holda keng qamrovli ekspertlik xulosalari orqali amalga oshirildi. Tizim tomonidan yil davomida 50 dan ortiq yig‘ilishlar o‘tkazilib, 200 ga yaqin masalalar ko‘rib chiqildi hamda 450 ga yaqin farmakopeya maqolalarini Davlat farmakopeyasiga kiritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhim yo‘nalishlardan biri sifatida dunyoning yetakchi farmakopeyalarida yuz bergan so‘nggi o‘zgarishlar va yangiliklarni chuqur tahlil qilish va ularni Milliy farmakopeya talablari bilan muvofiqlashtirildi. Jumladan, Yevropa farmakopeyasida so‘nggi 5 yil davomida qabul qilingan 131 ta yangi monografiyalar, 875 ta o‘zgartirish va to‘ldirishlar hamda amal qilishi to’xtatilgan 37 ta monografiyalar atroflicha o‘rganildi.
Shu bilan birga, Davlat farmakopeyasi ikkinchi nashrning birinchi jildiga Yevropa farmakopeyasining 17 ta va AQSH farmakopeyasining 29 ta mutlaqo yangi maqolalarining kiritilishi, 200 dan ortiq to‘ldirish va o‘zgartirishlarning amalga oshirilishi, shuningdek, qariyb 5 ming nomdagi reaktivlar va standart namunalarning uyg‘unlashtirilishi laboratoriya sinovlari va sifat nazoratini amalga oshirishda aniqlik, shaffoflik, birxillik hamda takrorlanuvchanlikni ta’minlashga xizmat qildi.
Alohida ta’kidlash lozim bo’lgan yo’nalish: xalqaro miqyosida olib borilayotgan hamkorliklar natijasida, 2 nafar boʻlim bosh mutaxassislarining Yevropa farmakopeya Komissiyasi ekspert guruhlariga aʻzo sifatida tasdiqlanishi, shuningdek USP Convention–2025, IMWP hamda Yevropa farmakopeyasi sessiyalarida ishtirok etilganligi farmakopeya maqolalarini mustaqil ekspertiza qilish, ularga ilmiy baho berish hamda amaliyotga joriy etish bo’yicha ko’nikmalarni oshirishga xizmat qildi. Qolaversa, mutaxassislarning nafaqat ilgʻor tajribalarni oʻrganish, balki milliy yondashuv va tashabbuslarni xalqaro muhokamalarga olib chiqish imkonini ham yaratdi.
Shuningdek, ilmiy-ma’rifiy faoliyat yo‘nalishida ham muhim ishlar amalga oshirildi. Xalqaro ilmiy anjumanlar va mahorat darslari tashkil etildi, 10 dan ortiq ilmiy maqolalar nashrga taqdim etildi, Davlat farmakopeyasiga oid 45 betlik elektron axborot-uslubiy materiallar yangilandi hamda 100 dan ortiq malaka oshirish kurslari va o‘quv dasturlarida faol ishtirok etildi. Mazkur faoliyat farmakopeya tizimini yuqori malakali kadrlar salohiyati bilan uyg‘un holda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan izchil islohotlar mantiqiga to‘liq mos keladi. Prezidentimiz tomonidan belgilangan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda aholining dori vositalari sifatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash vazifalari ushbu yo‘nalishdagi faoliyat orqali amaliy jihatdan ta’minlanmoqda. Davlat farmakopeyasi esa bu jarayonda dori vositalarining sifatini, xavfsizligini va barqarorligini kafolatlovchi asosiy hujjat sifatida muhim o‘rin egallaydi.