Yuridik masalalar yo'nalishida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
2025 yil Markaz faoliyatida qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqiy boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish hamda normativ-huquqiy tizimni zamon talablari asosida rivojlantirishda muhim burilish yili bo‘ldi. Yuridik xizmat bo‘limining tizimli va mas’uliyatli faoliyati Markaz institutsional barqarorligining huquqiy asoslarini mustahkamladi.
Normativ-huquqiy baza: tizimli yangilanish va strategik yondashuv
Yil davomida sohani huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi qabul qilinib, belgilangan tartibda tasdiqlandi. Ular orasida Prezident Farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda tegishli vazirlik buyruqlari mavjud bo‘lib, ushbu hujjatlar Markaz faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu bilan birga, tegishli qo'mita, bo'linmalar bilan hamkolrikda 12 tadan ortiq muhim normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, vakolatli organlarga kiritildi. Bu jarayonda huquqiy tahlil, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar va sohadagi strategik maqsadlar o‘zaro uyg‘un holda hisobga olindi.
Ayniqsa, sohada strategik ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–137-son Farmoni hamda uning ijrosiga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining VMQ–738-son qarori qabul qilinishi tadbirkorlik faoliyatini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda ishlab chiqarishda sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Huquqiy ekspertiza: xatarlarni oldini olish mexanizmi
2025 yilda huquqiy ekspertiza yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hajmi ham salmoqli bo‘ldi. Jumladan, 1051 ta shartnoma loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ularning amaldagi qonunchilikka muvofiqligi ta’minlandi. Bu esa moliyaviy va huquqiy xatarlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, 1638 ta kadrlar bo‘yicha buyruqlar huquqiy jihatdan ko‘rib chiqilib, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ta’minlandi. Bu holat inson resurslari bilan ishlashda qonuniylik va shaffoflik tamoyillarining ustuvor ekanini ko‘rsatadi.
Sud-huquqiy himoya: Markaz manfaatlari ishonchli himoyada
Yil davomida 318 marotaba sud majlislarida Markaz manfaatlari himoya qilindi. Sud jarayonlarida Yuridik xizmat bo‘limi tomonidan da’vo ishlarini yuritish, protsessual hujjatlarni tayyorlash tizimli tarzda olib borildi.
Ijro intizom va raqamli nazorat
Ijro intizomini ta’minlashda elektron tizimlardan samarali foydalanish 2025 yilda alohida ahamiyat kasb etdi. Edo.ijro.uz platformasi orqali 2827 ta hujjat ko‘rib chiqildi, shundan 2340 tasi to‘liq kelishildi. Shu bilan birga, 1502 ta topshiriq belgilangan muddatlarda to‘liq bajarildi, bu esa ijro intizomi va ichki nazorat mexanizmlarining barqaror ishlayotganidan dalolat beradi.
Xulosa o'rnida
Umuman olganda, 2025 yil Markaz Yuridik xizmat bo‘limi faoliyati huquqiy barqarorlik, tizimli yondashuv va institutsional mustahkamlik bilan xarakterlandi. Normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishdan tortib, huquqiy ekspertiza, sud-huquqiy himoya va ijro intizomini ta’minlashgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar Markaz faoliyatini qonuniy, shaffof va samarali tashkil etishga xizmat qildi.