Korrupsiyaga qarshi kurash yo'nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

29.12.2025 577

Korrupsiyaga qarshi kurash yo'nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

So‘nggi yillarda mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, kadrlar bilan ishlashda shaffoflikni kuchaytirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida amalga oshirilayotgan kadrlar siyosati va ichki nazorat ishlari amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Markazda 2025-yilda ishga qabul qilish to‘liq ochiq va shaffof tarzda amalga oshirilib, barcha jarayonlar youtube ijtimoiy platforma orqali real vaqt rejimida uzatib borildi. Ishga qabul qilingan va boshqa ishga o‘tkazilgan barcha nomzodlar bo‘yicha 100 foiz tekshiruvlar o‘tkazildi.

Jami 68 nafar nomzod qamrab olinib, ular yuzasidan yagona reestr shakllantirildi. Bu amaliyot kadrlar tanlovida subyektiv qarorlar ehtimolini kamaytirish, halollik va xolislik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qildi. Natijada kadrlar bilan ishlash jarayoni tizimli va nazorat qilinadigan mexanizm asosida olib borilmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Yil davomida 718 nafar xodim tomonidan tegishli deklaratsiyalar to‘ldirilgani Markazda ochiqlik va mas’uliyat madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur mexanizm xodimlarning xizmat faoliyatida ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini oldindan aniqlash va bartaraf etish imkonini berib, ichki nazorat tizimini kuchaytirmoqda.

Profilaktika va tushuntirish ishlari korrupsiyaga qarshi siyosatning ajralmas qismi sifatida olib borildi. Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda seminarlar, o‘quv kurslari va axborot-targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat yuritayotgan 123 nafar xodim maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi. Shuningdek, ichki korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmalarida faoliyat olib borayotgan 2 nafar xodim, hamda so‘nggi uch oy mobaynida davlat xizmatiga qabul qilingan 12 nafar xodim o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun alohida o‘quv tadbirlari tashkil etildi, ushbu tadbirda markazning matbuot xizmatida faoliyat olib boruvchi 4 nafar xodim ishtiroki ta’minlandi. Bu esa Markazda nafaqat nazoratga, balki xodimlarning huquqiy ongini tizimli ravishda oshirishga hamda ochiqlik madaniyatini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2022 yil 31 avgustda qabul qilinib, 3383-ro‘yxat raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qo‘shma qaroriga muvofiq, Markazda ayrim faoliyat turlari doirasida amalga oshirilayotgan 104 ta funksiya bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kompleks baholash o‘tkazildi. Baholash belgilangan metodologiya asosida, boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan o‘zaro munosabatlar hamda funksiyalarning korrupsiyaviy ko‘rinishlarga moyillik darajasini inobatga olgan holda amalga oshirildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra asosiy korrupsiyaviy xavf-xatarlar va ularning kelib chiqish omillari aniqlanib, shu asosda ayrim faoliyat turlari bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan Dastur ishlab chiqildi. Mazkur Dasturda ularning oldini olish va minimallashtirishga qaratilgan tashkiliy, huquqiy hamda profilaktik chora-tadbirlar, shuningdek, ichki nazorat va faoliyat shaffofligini kuchaytirish mexanizmlari nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada mustahkamlash maqsadida Markazda ISO 37001 «Poraxo‘rlikka qarshi kurashish menejment tizimlari» xalqaro standarti talablarini joriy etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Ushbu talablarni amalga oshirish korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan kompleks va tizimli yondashuvni shakllantirish, ichki nazorat tartib-taomillarini takomillashtirish hamda mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur ishlar mamlakatda davlat boshqaruvida halollik va mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan umumiy siyosiy yo‘nalish bilan uyg‘un holda olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasida korrupsiyani islohotlar samaradorligiga jiddiy tahdid sifatida baholab, unga qarshi kurashishda jazolashdan ko‘ra, avvalo oldini olish, ya’ni kadrlar tanlovi, ochiqlik, komplayens va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shu nuqtayi nazardan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida joriy etilgan kadrlar siyosati va ichki nazorat amaliyotlari korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ushbu yondashuvning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Umuman olganda, 2025-yilda Markazda kadrlar siyosati doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashni alohida yo‘nalish emas, balki kundalik boshqaruv jarayonining ajralmas qismi sifatida shakllantirishga xizmat qildi. Nazorat, profilaktika va ta’lim yo‘nalishlarining uyg‘un olib borilishi esa Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida barqaror, ochiq va ishonchli boshqaruv muhitini ta’minlashga qaratilgan izchil yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.