Xatirchi tumanida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

23.12.2025 643

Xatirchi tumanida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, dori vositalari aylanmasida shaffoflikni oshirish va aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida elektron retsept tizimini joriy etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayon doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi tadbirkorlik subyektlari, xususan dorixona tarmoqlari va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar vakillari bilan seminar uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda elektron retsept tizimining amaliy mexanizmlari, dorixonalarda uni joriy etishning texnik va tashkiliy talablari, davlat va xususiy dorixonalar o‘rtasidagi integratsiya jarayonlari, tizimning monitoringi va real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qiziqtirgan savollar muhokama qilinib, dorixonalar uchun yaratilayotgan qulayliklar, tizimning dori vositalarini noqonuniy realizatsiya qilishning oldini olishdagi ahamiyati, shuningdek, aholiga tezkor va xavfsiz xizmat ko‘rsatishdagi afzalliklari ta’kidlab o‘tildi.

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi vakillari elektron retsept tizimini joriy etish — nafaqat zamonaviy raqamli boshqaruv mexanizmi, balki farmatsevtika sohasida sifat, shaffoflik va mas’uliyatni yanada oshiradigan ishonchli vosita ekanini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilari bilan muntazam muloqotda bo‘lish, ularning taklif va mulohazalarini inobatga olish esa tizimning to‘laqonli va samarali joriy etilishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Eslatib o'tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentabrdagi 570-son qarori bilan Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash pasportiga o'zgaritish kiritilmoqda. Unga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)larda, 2026-yil yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlaridagi dorixonalar “Elektron retsept” moduli bilan belgilangan maʼlumotlarni real vaqt rejimida almashilishini taʼminlashi shart.