Markazning Andijon filialida antikorrupsiya tizimi samaradorligi tahlil qilindi

23.12.2025 667

Markazning Andijon filialida antikorrupsiya tizimi samaradorligi tahlil qilindi

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasining Andijon filialida “Korrupsiyaga qarshi kurash oyligi” doirasida antikorrupsiya talablari va standartlariga rioya etilishi holatini o‘rganish maqsadida monitoring tadbiri o‘tkazildi.

Unda filial faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan talablarning ijrosi, ichki nazorat va komplayens mexanizmlarining amaliy holati, xizmat jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya xavflarini aniqlash va ularni kamaytirishga qaratilgan choralar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, filial rahbarlari bilan antikorrupsiya nazorati masalalari yuzasidan ochiq va konstruktiv muloqotlar tashkil etildi.

O‘rganish jarayonida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, xodimlarni ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xizmat faoliyatini baholash jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash holati ko‘rib chiqildi. Aniqlangan xatarli jihatlar yuzasidan tahliliy xulosalar ishlab chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Monitoring yakunida filial xodimlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Seminar davomida amaldagi antikorrupsiya qonunchiligi talablari, ichki nazorat va komplayens tizimini samarali joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, kadrlar yo'nalishi faoliyatida ochiqlik va mas’uliyatni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tadbir Andijon filiali faoliyatida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, antikorrupsiya madaniyatini yanada mustahkamlash hamda kadrlar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.