Xorazm viloyatidagi tibbiy muassasalarda metrologiya xizmatlari amalga oshirildi

22.12.2025 630

Xorazm viloyatidagi tibbiy muassasalarda metrologiya xizmatlari amalga oshirildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Metrologiya xizmati mutaxassislari tomonidan Xorazm viloyatining bir qator tibbiyot muassasalarida o‘lchash vositalarini qiyoslash va texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.  Jumladan, Bog'ot tumani va Tuproqqal'a tuman tibbiyot birlashmalarida o‘rnatilgan tibbiy texnikalar belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.

Metrologik xizmati ko‘rsatish jarayonida nafaqat uskunalarning texnik holati baholandi, balki mas’ul xodimlarga ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, yaroqsiz holatga kelgan jihozlarni foydalanishdan chiqarish tartibi, shuningdek metrologiya sohasiga oid amaldagi talablar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Bugungi kunda Xorazm viloyatining barcha davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida, shuningdek respublika miqyosidagi markazlarda metrologiya xizmatlari bosqichma-bosqich va reja asosida davom ettirilmoqda. Mazkur ishlar tibbiy diagnostika jarayonida aniq o‘lchovlarni ta’minlash, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va xavfsizligini oshirish hamda fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi 112-son qaroriga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida foydalaniladigan o‘lchash funksiyalariga ega bo‘lgan barcha tibbiy texnikalar metrologik nazoratdan o‘tkazilishi lozim.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining 2024 yil 7 oktabrdagi 313-sonli buyrug‘iga asosan, metrologiya tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinov vositalarining ro‘yxatiga muvofiq, o‘rnatilgan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagan o‘lchash va sinov vositalarining tibbiyot faoliyatida qo‘llanilishi taqiqlanadi.

Telefon: (71) 203-01-01 (ichki 2240 — 2241)