Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va JFDA: hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktori Alisher Temirov hamda Jordan Food and Drug Administration (JFDA) rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv bo’lib o’tdi. Unda tomonlar dori vositalari muomalasi sohasidagi milliy regulyator tizimlari to’g’risda taqdimot qilib, ushbu yo‘nalishdagi mavjud tajriba va yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdi.Ma’lumot uchun Jordan Food and Drug Administration (JFDA) — 2003-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Iordaniyada oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga soluvchi milliy regulyator organ hisoblanadi. Tashkilot dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, farmakonazoratni amalga oshirish, postmarketing nazoratni yuritish hamda ishlab chiqarish va muomaladagi mahsulotlar ustidan inspeksiya va monitoring olib borish bilan shug‘ullanadi.
Muloqotda Markaz direktori Alisher Temirov Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining ahamiyati, normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning ICH, IPRP doirasidagi ishtiroki hamda WHO Global Benchmarking Tool (WHO GBT) bo‘yicha 3-darajaga erishish yo‘lidagi chora-tadbirlar alohida qayd etildi. Hamda Markaz laboratoriyasi ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilib, uning faoliyati xalqaro mezonlarga moslashtirilgani ma’lum qilindi.
Iordaniya tomoni esa JFDA faoliyati, xususan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, farmakonazorat, postmarketing nazorat va inspeksiya faoliyatini tashkil etish mexanizmlari bo‘yicha taqdimot qildi.
Onlayn uchrashuv davomida farmakonazorat, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, axborot almashish hamda ilg‘or regulyator mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.