Markazda yosh olimaning dissertatsiya ishi muhokamasi bo’lib o’tdi

19.12.2025 927

Markazda yosh olimaning dissertatsiya ishi muhokamasi bo’lib o’tdi

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida Dilfuza Sarvarovaning farmatsevtika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ishi yuzasidan ilmiy muhokama bo‘lib o‘tdi.

Muhokama 15.00.02 — farmatsevtik kimyo va farmakognoziya ixtisosligi doirasida Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida bajarilgan “Seraksidol” va “Medioflavin” antioksidant dori vositalarini standartlash va sifatini baholash mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishiga bag‘ishlandi.

Ilmiy ishda antioksidant ta’sirga ega dori vositalarini ishlab chiqish, ularning sifat ko‘rsatkichlarini baholash, zamonaviy fizik-kimyoviy va xromatografik tahlil usullarini joriy etish, shuningdek, ushbu usullarni xalqaro talablar, jumladan ICH tavsiyalari asosida validatsiyalash masalalari atroflicha yoritilgan.

Ma’lumot uchun “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan yetakchi tashkilot sifatida e’tirof etilgan bo‘lib,  Markazda sohaga oid dissertstisya ishlarini ko’rib chiqish faoliyati yo’lgan qo’yilgan.

 

Muhokama jarayonida Farmakopeya qo‘mitasi raisi, farmatsevtika fanlari doktori, dotsent Kamola Nuridullayeva boshchiligida markaz mutaxassislari va soha olimlari tomonidan mazkur dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati, farmatsevtika sanoatida mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini standartlash va sifat nazoratini takomillashtirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ilmiy ish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra, Dilfuza Sarvarovaning dissertatsiya ishi ilmiy kengashning ochiq himoyasiga tavsiya etildi.

Mazkur ilmiy tadqiqot natijalari farmatsevtika sohasida sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.