Prekursorlar miqdorlarini belgilash va qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

18.12.2025 874

Prekursorlar miqdorlarini belgilash va qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 28-noyabr kuni Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida ekspert guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda prekursorlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoiy qilmishlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, shuningdek amaldagi qonunchilik normalarini yanada takomillashtirish maqsadida prekursorlarning miqdorlarini belgilash masalasi muhokama qilinib, tegishli takliflar ilgari surilgan edi.

Mazkur takliflar ijrosini ta’minlash, belgilanishi lozim bo‘lgan miqdorlarni atroflicha muhokama qilish hamda ro‘yxatda mavjud qolgan pozitsiyalar bo‘yicha aniq miqdorlarni belgilash maqsadida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi huzurida, Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi qoshida manfaatdor vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruhning ilk yig‘ilishida prekursorlarning miqdorlari va ularning sinonimlari bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi. Xususan, xalqaro me’yorlar va amaliyot asosida O‘zbekiston Respublikasida muomalasi cheklangan prekursorlar ro‘yxatidan 114 ta moddaning sinonimlari hamda 72 nomdagi prekursorning miqdorlari aniqlandi.

Muhokamalar jarayonida prekursorlar muomalasini huquqiy jihatdan tartibga solish, ularning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, shuningdek huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishchi guruh faoliyati doirasida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish belgilandi.