Yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalarini nazoratga olish masalalari muhokama qilindi

29.11.2025 633

Yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalarini nazoratga olish masalalari muhokama qilindi

Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazida Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, IIV Jamoat xavfsizligi xizmati, IIV Akademiyasi, IIV Kriminalogiya tadqiqot instituti, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi, RIRSIATM mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF–207-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 330-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda, xususan, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlanmagan ayrim giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni nazoratga olish zarurati hamda tegishli qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishchi guruh a’zolari tomonidan ilgari surilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining 330-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kelishib olindi.