Markaz mutaxassislari Xitoyda o‘tayotgan xalqaro regulyator seminarida ishtirok etmoqda

29.11.2025 645

Markaz mutaxassislari Xitoyda o‘tayotgan xalqaro regulyator seminarida ishtirok etmoqda

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasida dori vositalari va tibbiy jihozlarni tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro malaka oshirish seminarida ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbir Xitoy Tibbiy mahsulotlarni tartibga solish milliy boshqarmasi (NMPA) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tashkilot Xitoy hududida dori vositalari, tibbiy buyumlar, biotexnologik mahsulotlar va boshqa sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq texnologiyalarni nazorat qiluvchi asosiy regulyator organ hisoblanadi. NMPA xalqaro miqyosda FDA (AQSh), EMA (Yevropa Ittifoqi) kabi yirik regulyatorlar bilan hamkorlik qiladi.

Seminarning maqsadi — dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, xavfsizlik va sifatni nazorat qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro yondashuvlarni o‘rganish, qonunchilikni uyg‘unlashtirish hamda xavfga asoslangan nazorat tizimini mustahkamlashdir.

Unda Markaz delegatsiyasi xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari, amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya amaliyotlari va regulyator baholash bo‘yicha treninglarda faol ishtirok etmoqda. Shunigdek tadbirda O‘zbekistondan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kabi davlatlarning regulyator organlari va tibbiy jihozlar bo‘yicha mutaxassislari ham qatnashmoqda.

Seminarda olingan bilim va tavsiyalar O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy jihozlar xavfsizligini yanada mustahkamlash, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashtirilgan regulyator tizimini shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar uchun aniq, shaffof, tezkor tartib-taomillarni yaratishga xizmat qiladi.