Prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi

28.11.2025 534

Prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi

Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazida Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari ishtirokida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF–207-son Farmoni ijrosini ta’minlash, narkotik moddalar tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar aylanmasini qat’iy va samarali tartibga solish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Milliy markaz tomonidan ishlab chiqilgan prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida loyihaning ahamiyati, davlat xavfsizligini mustahkamlash, narkojinoyatchilikka barham berish va jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish borasida tutgan o‘rni alohida ta’kidlandi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xalqaro huquq normalari va BMTning tegishli konvensiyalari chuqur tahlil qilinib, ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda amaliyotda kuzatilayotgan real xavf va tahdidlar har tomonlama o‘rganilgani ta’kidlandi. Jarayonda inson huquqlari ustuvorligi, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, narkotik vositalar ishlab chiqarishga oid noqonuniy sxemalarning oldini olishga qaratilgan yondashuv asosiy prinsip sifatida belgilandi.

Ishtirokchilar qonun loyihasida nazarda tutilgan normalarni yanada takomillashtirish, javobgarlik mexanizmlarini aniq va samarali shakllantirish, tegishli idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda narkotik moddalar va prekursorlar aylanmasi ustidan kompleks nazorat tizimini mustahkamlashga doir qator takliflarni ishlab chiqdi.