Markaz mutaxassisi Bakuda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy kongressda ishtirok etdi

25.11.2025 476

Markaz mutaxassisi Bakuda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy kongressda ishtirok etdi

Boku shahrida “Farmatsiyaning zamonaviy muammolari” mavzusidagi VI xalqaro ilmiy kongress o‘tkazildi. Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi vakili, farmatsevtika fanlari doktori Kamola Nuridullayeva ham ishtirok etdi.
Kongressda Ozarbayjon bilan bir qatorda Turkiya, Qozog‘iston, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Eron hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan yetakchi olimlar, farmatsevtika sanoati vakillari va tartibga soluvchi organlar mutasaddilari ishtirok etdi. Delegatsiyalarning bunday keng qamrovliligi ushbu kongressning farmatsevtika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va global ilmiy integratsiyani chuqurlashtirishdagi muhim platformaga aylanganini yaqqol namoyon etadi.

Ma’lumot uchun, kongress Ozarbayjon tibbiyot universiteti va Ozarbayjon farmatsevtlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda farmatsevtika fani va texnologiyalari, yangi dori vositalarini ishlab chiqish, sifat standartlari, sertifikatlash, farmatsiya ta’limi, kadrlar tayyorlashda raqamli yondashuvlar, farmatsevtika tizimlari integratsiyasi, klinik farmatsiya va fito-farmatsiya kabi dolzarb yo‘nalishlardagi masalalar muhokama etildi.

Markaz mutaxassisining ushbu kongressdagi ishtiroki Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga, milliy farmatsevtika tizimini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, ilg‘or tajriba va ilmiy yondashuvlarni mamlakatimiz amaliyotiga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytiradi.