Farmatsevtika ta’minoti va narxlarni boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mas’ullaridan iborat delegatsiya vakillari Turkiyada farmatsevtika ta’minoti va resurslarni boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan tanishmoqda.
Tashrifdan asosiy maqsad — Turkiyaning sog‘liqni saqlash sohasida farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, ularning cheklangan narxlarni qayd etish, xarid qilish jarayonlarida resurslardan samarali foydalanish, postmarketing nazoratini yo‘lga qo‘yish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda milliy soha infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganishdan iborat.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy ta’minot boshqarmasi, shuningdek, sohada bir qator ilmiy va amaliy muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Suhbatlar davomida Turkiyada dori vositalari va tibbiy buyumlarni xarid qilish, saqlash va taqsimlash tizimi, shuningdek, bu jarayonlarda raqamli yechimlardan foydalanish mexanizmlari bilan tanishildi.
Uchrashuvlar davomida Turkiyada sog‘liqni saqlash tizimida raqamli transformatsiya strategiyasini amalga oshirish tajribasi; material resurslarini boshqarish tizimini joriy etish va uning samaradorligi; xalqaro standartlar bilan integratsiya jarayonlari; xodimlarni tayyorlash hamda ichki ish jarayonlarini zamonaviy talablar bilan moslashtirish yo‘nalishlari bo’yicha hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.