Navoiyda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasiga oid tartiblar muhokama qilindi
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan Navoiy viloyatida tizim xodimlari uchun navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari, davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, dorixona tarmoqlari mas’ullari, “Navoiy Dori-Darmon” AJ mutaxassislari hamda tibbiyot birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonun hamda unga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi, shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalarida ushbu vositalarning muomalasi, saqlanishi va hisobga olinishi yuzasidan amaliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi bosh mutaxassislari Sh.Alimxanov va S.Alyavi so‘zga chiqib, yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari, ularning amaliyotdagi qo‘llanilishi, hisob-kitob va nazorat mexanizmlarini batafsil tushuntirib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida barcha muassasa rahbarlariga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq faoliyatni qat’iy tartibda olib borish, ichki nazoratni kuchaytirish, xodimlar o‘rtasida muntazam tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda mavjud xatolik va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mazkur seminar tibbiyot muassasalari faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jarayonlarning shaffofligi va xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.