Markaz mutaxassislari xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda
Shu kunlarda Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan “Hech kim e’tibordan chetda qolmasin: tug‘ish yoshidagi ayollar va bolalar o‘rtasida farmakonazorat” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda 130 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot vakillari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmakonazorat bo‘limi mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.
Anjumanning asosiy maqsadi — farmakonazorat sohasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, dori vositalari xavfsizligini oshirish orqali tug‘ish yoshidagi ayollar va bolalar salomatligini himoya qilishga qaratilgan samarali strategiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Tadbir doirasida dori vositalarining xavfsizligini ta’minlash, ularning salbiy ta’sirlarini aniqlash va baholash, shuningdek, farmakonazorat sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zaro almashish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ta'kidlash joiz, Markaz vakillari mazkur xalqaro platformada ishtirok etish orqali dori vositalarining xavfsizligini ta’minlash borasida qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiyalar hamda xalqaro me’yoriy amaliyotlar bilan yaqindan tanishib, ushbu tajribalarni O‘zbekiston farmakonazorat tizimiga joriy etish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda.