Denov tumanida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

23.10.2025 1237

Denov tumanida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentabrdagi 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi PF–88-son Farmoni asosida tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)dagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept orqali tayinlash tartibi joriy etilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati Denov tumanida “Elektron retsept” tizimini amaliyotga joriy etish va dori vositalarini rasmiylashtirish tartibiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, “Uzinfocom” MChJ hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari, shuningdek, tuman tibbiyot muassasalari mutaxassislari va dorixona rahbar-xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida mutaxassislar tomonidan yangi tizimning amaliy ishlash mexanizmlari, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalarini rasmiylashtirish tartibi, ularning elektron bazada qayd etilishi, shuningdek, retseptlar bo‘yicha nazorat va tahlil jarayonlarini yuritish tartibi batafsil tushuntirildi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, elektron retsept tizimi aholiga qulaylik yaratish bilan birga, dori vositalarining asossiz yoki takroriy buyurilishini oldini olish, sohada inson omilini kamaytirish hamda ma’lumotlarni yagona axborot bazasida jamlash imkonini beradi. Shu orqali tizim dori ta’minoti zanjirining shaffofligini oshirish va farmatsevtika sohasida korrupsion xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek uchrashuvda yangi tizimni joylarda to‘laqonli tatbiq etish uchun tibbiyot muassasalarining texnik tayyorgarligi, xodimlarning malakasini oshirish va axborot tizimlari integratsiyasini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Mazkur loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilib, kelgusida mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.