Dorixonalarda elektron retsept tizimini joriy etishga oid seminar bo‘lib o‘tdi

20.10.2025 1673

Dorixonalarda elektron retsept tizimini joriy etishga oid seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentyabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, Toshkent shahri hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtirilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi binosida chakana faoliyat bilan shug‘ullayotgan tadbirkorlik subyektlariga elektron retsept tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. 

Sog‘liqni saqlash, Raqamli texnologiyalar va Adliya vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, shuningdek, Toshkent shahridagi dorixonalar mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda mutaxassislar tomonidan elektron retsept tizimining joriy etilishi, amaliyotda qo‘llanilishi hamda dorixonalar faoliyatiga oid litsenziya shartlariga kiritilgan yangiliklar, qonunchilikdagi mazkur o‘zgarishlar va dorixonalarda ushbu tizim bilan ishlashning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Seminar davomida dorixona vakillarining elektron retsept tizimini joriy etish bilan bog‘liq savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berilib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.

Litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi