Xorazm viloyatida tibbiy jihozlar metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda

14.10.2025 1760

Xorazm viloyatida tibbiy jihozlar metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda

Sog‘liqni saqlash tizimida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifatini oshirish, zamonaviy uskunalardan samarali va xavfsiz foydalanish, shuningdek, bemorlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni oldini olish maqsadida tibbiy jihozlarning texnik holati va aniqligi doimiy nazoratga olingan.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Metrologiya xizmati mutaxassislari Xorazm viloyatidagi turli tibbiyot muassasalarida foydalanilayotgan tibbiy o‘lchash vositalari hamda laboratoriya-diagnostika jihozlarini belgilangan tartibda metrologiya tekshiruvidan o‘tkazmoqda.

Xususan, Yangibozor tumani tibbiyot birlashmasi va uning tasarrufidagi 4 ta oilaviy shifokorlik punktlari hamda 3 ta oilaviy poliklinikalarda amalga oshirilgan tekshiruv ishlari davomida jami 180 ta turli o‘lchash vositalari qiyoslanib, ularning ishonchliligi va aniqligi metrologiya talablariga to‘liq mos ekani tasdiqlandi.

Bunday tadbirlar tibbiy jihozlardan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini olish, tashxis va muolajalar samaradorligini ta’minlash, shu orqali bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ta’kidlaganidek, metrologiya nazorati butun mamlakat bo‘ylab tizimli ravishda amalga oshiriladi. Bu esa tibbiy jihozlarning xavfsiz va ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 112-son qaroriga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida foydalaniladigan o‘lchash funksiyalariga ega bo‘lgan barcha tibbiy texnikalar metrologik nazoratidan o‘tkazilishi lozim.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining 2024-yil 7-oktyabrdagi 313-sonli buyrug‘iga asosan, metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinov vositalarining ro‘yxatiga muvofiq, o‘rnatilgan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagan o‘lchash va sinov vositalarining tibbiyot faoliyatida qo‘llanilishi ta’qiqlanadi. 

Telefon: (71) 203-01-01 (ichki 2240 — 2241)