Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi farmatsevtika sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tartibga solish jarayonlarini uyg‘unlashtirish va farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash yo‘lida izchil faoliyat yuritib kelmoqda.
Markaz tomonidan so‘nggi oylarda bir qator muhim xalqaro kelishuvlar imzolandi. Xususan, 2025-yil 27-may kuni Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tahliliy ekspertiza markazi, shuningdek, kuni kecha VI Yevroosiyo farmatsevtika sammiti doirasida Latviya Respublikasi Dori vositalari agentligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari tuzildi.
Mazkur kelishuvlar dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ekspertiza va farmakologik nazorat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, axborot va tajriba almashish, shuningdek, xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan.
Bugun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muassasa direktori Alisher Temirov, Latviya Dori vositalari agentligi direktori Indra Dreyka, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Analitik ekspertiza markazi vakillari Azer Hasanov va Xalisa Akbarovalar memorandum doirasida kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish, axborot almashish va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini qo‘shma loyihalar asosida rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mehmonlar Markazning laboratoriya infratuzilmasi, shu bilan birga Farmakologiya va Farmakopeya qo‘mitalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bunday xalqaro hamkorlik nafaqat O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga, balki mintaqaviy miqyosda ilg‘or tajribalarni joriy etish va farmatsevtika nazoratining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.