Yurtimizda dori vositalaridan maqsadsiz foydalanishning oldini olish bo‘yicha milliy trening o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, CADAP 7 (Markaziy Osiyoda giyohvandlik vositalarini nazorat qilish dasturi) hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamkorligida “O‘zbekistonda nazorat qilinadigan dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va ulardan maqsadsiz foydalanishning oldini olish” mavzusidagi milliy trening tashkil etildi.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa tegishli tpshkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Treningning asosiy maqsadi — mamlakatimizda bemorlarning hayotiy zarur bo‘lgan dori vositalaridan qonuniy va xavfsiz foydalanishini ta’minlash, shu bilan birga ularning noqonuniy aylanmasi yoki maqsadsiz iste’mol qilinishi holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqishdir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, nazorat qilinadigan dori vositalari noqonuniy aylanmasini nazorat qilish va notibbiy maqsadlarda foydalanishini oldini olish orqali aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi.