“Tashkent Pharma Park” klasterda USP mutaxassisi ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda
Ayni daqiqalarda “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida AQSH Farmakopeyasi (USP)ning katta menejeri, xalqaro ekspert Christian Zeine ishtirokida “Farmatsevtika laboratoriyalarida qo‘llaniladigan analitik usullar yaxlitligini baholash” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-137-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur seminarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi mutaxassislari faol ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, Christian Zeine farmatsevtik tahlillar, referens (standart) moddalarni tavsiflash hamda aralashmalarni o‘rganish bo‘yicha xalqaro darajada tan olingan mutaxassis bo‘lib, ushbu yo‘nalishda bir qator ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.
Trening davomida ishtirokchilar farmatsevtika laboratoriyalarida qo‘llaniladigan analitik usullar yaxlitligini — ya’ni sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlar nuqtayi nazaridan baholash bo‘yicha amaliy bilim va tajribaga ega bo‘ladi.
Mazkur usullar dorivor mahsulotlarning spetsifikatsiyasini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular dori vositalarining xavfsizligi, samaradorligi va ishonchliligini ta’minlashda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.
Seminar davomida ishtirokchilar turli analitik usullar uchun qo‘llaniladigan standart namunalar turlari, ularning tasdiqlanish jarayonlari, shuningdek, usul yaxlitligini tasdiqlash (validatsiya) uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tanishdi.
Mazkur treningda olingan bilim va ko‘nikmalar kelgusida inspeksiya jarayonlarida hamda STD hujjatlarida tavsiflangan analitik usullarni baholashda qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati