Qashqadaryo viloyat tibbiy muassasalaridagi o‘lchash vositalarining texnik holati baholandi

29.08.2025 1501

Qashqadaryo viloyat tibbiy muassasalaridagi o‘lchash vositalarining texnik holati baholandi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Metrologiya xizmati mutaxassislari Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi tibbiyot muassasalarida qo‘llanilayotgan o‘lchash vositalari va sinov uskunalarining texnik holatini o‘rgandi.

Tekshiruv jarayonida Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali hamda Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jami 233 ta tibbiy o‘lchash uskunasi qiyoslashdan o‘tkazildi. Ularning aniqligi va ishonchliligi baholandi.

Mazkur tahlillar tibbiy o‘lchash vositalarining texnik jihatdan to‘g‘ri ishlashi, diagnostika jarayonlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, bemorlarning sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfsizlik darajasini ta’minlashga qaratilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Metrologiya xizmati O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida diagnostika va davolash jarayonlarining yuqori sifatini ta’minlash maqsadida o‘lchash vositalarini muntazam ravishda tekshirib borishni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 112-son qaroriga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida foydalaniladigan o‘lchash funksiyalariga ega bo‘lgan barcha tibbiy texnikalar metrologik nazoratidan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining 2024-yil 7-oktyabrdagi 313-sonli buyrug‘iga asosan, metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinov vositalarining ro‘yxatiga muvofiq, o‘rnatilgan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagan o‘lchash va sinov vositalarining tibbiyot faoliyatida qo‘llanilishi ta’qiqlanadi. 

Telefon: (71) 203-01-01 (ichki 2240 — 2241)

Sog‘liqni saqlash vazirligining Metrologiya xizmati