Qonunchilikdagi o‘zgarishlar yuzasidan uchrashuv tashkil etildi
Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini isloh qilish, dori vositalarining sifati, xavfsizligi va qonuniy muomalasini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu borada qonunchilik asoslarini takomillashtirish, tartibga solish jarayonlarini soddalashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda soha tadbirkorlari ishtirokida qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda muassasa rahbariyati, markazning viloyatlardagi hududiy filiallar mas’ullari, "CRPT TURON" MCHJ hamda yurtimizdagi farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtiruvchi 20 ga yaqin xususiy organlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 26-maydagi 8 sonli buyrug‘i asosida farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish tartib-qoidalariga kiritilgan eng muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, retsept asosida beriladigan dori vositalariga cheklangan narxlarni qayd etish bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan savollariga soha vakillari tomonidan aniq javoblar oldi.
Ta’kidlash joiz, mazkur muloqot nafaqat qonunchilikdagi o‘zgarishlar yuzasidan xabardorlikni oshirish, balki regulyator organ va farmatsevtika sohasi vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, islohotlarni amaliyotga samarali joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.