2025-yilning birinchi yarmida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

06.08.2025 1485

2025-yilning birinchi yarmida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika sohasini rivojlantirish va aholiga sifatli dori vositalarini yetkazib berishda ochiqlik, qonun ustuvorligi hamda shaffoflikni ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasi 2025-yilning yanvar-iyun oylarida korrupsiyaga qarshi kurash va komplayens nazorat tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq natijalarga erishdi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish mexanizmlari

Hisobot davrida Markaz tomonidan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni oldini olish bo‘yicha 2025-yil uchun mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Litsenziyalash jarayonlari license.gov.uz yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilishi Markaz faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Jumladan, hisobot davrida:

Dori vositalari ishlab chiqarish uchun – jami 22 ta ariza (shundan, 10 tasi ijobiy, 12 tasiga rad javobi berilgan);

Dori vositalarini ulgurji realizatsiya qilish uchun – jami 153 ta ariza (shundan, 72 tasi ijobiy, 81 tasiga rad javobi berilgan);

Dori vositalarini tayyorlash uchun – jami 19 ta ariza (shundan, 10 tasi ijobiy, 9 tasiga rad javobi berilgan);

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun (oftalmologiya tibbiy buyumlaridan tashqari) – jami 4672 ta ariza (shundan, 2948 tasi ijobiy, 1724 tasiga rad javobi berilgan).

Barcha qarorlar qonuniylik va adolat tamoyillariga rioya etilgan holda qabul qilindi.

Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va nazorat mexanizmlari

O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyunda qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida Markazning barcha bo‘lim va qo‘mitalari to‘g‘risidagi nizomlarga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. 2025-yil yanvar-iyun oylarida jami 718 nafar xodim, shu jumladan Andijon, Qarshi, Samarqand va Urganch filiallari hamda texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasini to‘ldirdi. Deklaratsiyalar tahlili jarayonida hech qanday yashirin holatlar aniqlanmadi.

Lavozim yo‘riqnomalariga korrupsiya holatlari haqida xabar berish majburiyati va javobgarlik haqidagi bandlar kiritildi.

Davlat xaridlari va shartnomalarda shaffoflik

Markazning barcha mehnat shartnomalari hamda kontragentlar bilan tuzilgan bitimlarga korrupsiyaga qarshi talablar kiritildi. Kontragentlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma asosida barcha hamkorlar sinchkovlik bilan tahlil qilindi. 2025-yilning birinchi yarmida Davlat xaridlari va shartnomalar bo‘limi tomonidan Buxgalteriya hisobini audit tekshiruvidan o‘tkazish uchun tender savdosi tashkil etildi. Tekshiruv natijasida korrupsiyaviy xavflar aniqlanmadi.

Ishga qabul qilish jarayonlarida ochiqlik

Markazda ishga qabul qilish jarayonlari shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Vakant lavozimlar haqidagi e’lonlar rasmiy veb-saytga joylashtirilmoqda.

Targ‘ibot va kommunikatsiya ishlari

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xodimlar va jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazildi:

2025-yil 20-mart kuni Bosh prokuratura vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Rahbariyatning korrupsiyaga qarshi murojaati rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.

4 ta targ‘ibot tadbiri amalga oshirildi.

Ochiq aloqa kanallari

Korrupsion xatti-harakatlar haqida xabar berish uchun 5 ta aloqa kanali yo‘lga qo‘yildi:

Prezidentning virtual qabulxonasi (pm.gov.uz);

Markazning rasmiy veb-sayti va elektron pochtasi (farmkomitet@ssv.uz);

Ijtimoiy tarmoqlar (facebook.com/uzpharmcontrol, instagram.com/uzpharmcontrol);

Ishonch telefoni (+998 71 203-01-01, ichki 2385);

Telegram-bot: t.me/uzpharmcontrolbot.

Hisobot davrida mazkur kanallar orqali birorta ham korrupsiyaga oid xabar kelib tushmadi.