Sifatli tibbiy buyumlar — barqaror sog‘liqni saqlashning ustuvor yo‘nalishi

03.07.2025 1755

Sifatli tibbiy buyumlar — barqaror sog‘liqni saqlashning ustuvor yo‘nalishi

 

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish siyosati sohaning har bir bo‘g‘inida sifat, xavfsizlik va samaradorlikni ustuvor tamoyil sifatida ilgari surmoqda.

Aynan shu maqsadda, Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslar doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlar xavfsizligi markazi tomonidan tibbiy buyumlar sifati boshqaruvi sohasida xalqaro tan olingan ISO 13485:2016 standartini joriy etish yuzasidan amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv seminari tashkil etildi.

✅ Ushbu o‘quv jarayoni xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb etgan holda tashkil qilinib, quyidagi maqsadlarga xizmat qildi:

- Markaz mutaxassislarining institutsional va kasbiy salohiyatini tartibga solish va texnik baholash sohalarida oshirish; - Muvofiqlikni baholash jarayonlarini xalqaro standartlar va direktivalarga moslashtirish; - Milliy nazorat va sertifikatsiya tizimiga mintaqaviy va global darajada ishonchni mustahkamlash; - O‘zbekistonda tibbiy buyumlarning xavf-xatarlarini boshqarish va hayotiy siklini boshqarishning zamonaviy modelini joriy etish uchun sharoit yaratish.

Bu tashabbuslar O‘zbekistonda inson salomatligi – eng oliy qadriyat degan tamoyilni hayotga tatbiq etish, aholi uchun xavfsiz va sifatli tibbiy buyumlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun Farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligi markazi o‘z faoliyatini nafaqat regulyator organ sifatida, balki sohaviy siyosatni amalga oshiruvchi, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va O‘zbekistonni global farmatsevtik va tibbiy hamjamiyatga integratsiyalashga qaratilgan islohotlarning faol tashabbuskori sifatida faoliyat yuritmoqda.