Farmatsevtika sohasida milliy kadrlar salohiyati yanada mustahkamlanmoqda

02.07.2025 1744

Farmatsevtika sohasida milliy kadrlar salohiyati yanada mustahkamlanmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan «Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash, shuningdek, veterinariya, karantin va sanitariya sohalari mutaxassislarining malakasini oshirish hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga muvofiq “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Sifat menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi va Yangi tibbiy texnika qo‘mitasining jami 22 nafar xodimi maxsus tashkil etilgan o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi.

Joriy yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Standartlar institutida professional mezonlar asosida tashkil etilgan attestatsiya jarayonida Markaz xodimlari nafaqat o‘zlarining nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etdilar, balki xalqaro standartlarga muvofiq sifat menejment tizimlarini joriy etish, takomillashtirish hamda muvofiqlikni baholashda ilg‘or tajribalarni samarali qo‘llashga tayyor ekanliklarini isbotladilar.

Mazkur attestatsiya natijalari O‘zbekiston Respublikasi Standartlar instituti texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash bilan bog‘liq sohalarda mutaxassislarning malakasi oshirilganligi va attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi axborot kiritilgan Yagona reyestrda rasmiy ro‘yxatga olindi. Bu esa markazning sifat menejmenti tizimlarini doimiy takomillashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarining muhim qismi hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan tibbiy asbob-uskunalarning xavfsizligi, sifati va samaradorligini ta’minlash borasidagi faoliyati ISO 13485 xalqaro standartiga muvofiq olib borilmoqda. Sifat menejment tizimlari orqali ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish va ularni uzluksiz tayyorlash Markazning ustuvor vazifalaridan sanaladi.