Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yilning boshida Misr Arab Respublikasidan yuborilgan “gepatit S” virusiga qarshi gumanitar yordam dorilari 20 kundan buyon “Toshkent-AYERO” Kargo terminali omborida yotganligi, qonun bo‘yicha bu dori vositalari bemorga yetkazilishi uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining ijobiy xati kerakligi, biroq bu hujjat hali taqdim etilmaganligi to‘g‘risida asoslantirilmagan turli xabarlar tarqalmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi ushbu xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-243-sonli qarori bilan mamlakatimizda 2030-yilgacha gepatit C dan holi hudud maqomiga erishish maqsad qilib qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-2025-yillar davomida virusli gepatitning C turi bilan kasallangan 42 ming nafar bemorni (har yili 10,5 mingdan) davolash rejalashtirilgan.
Sanepidqo‘mita Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda davlat byudjeti hisobidan 63000 quti, Misr Arab Respublikasidan beg‘araz yordam sifatida 212461 quti "Sofosbuvir", "Daklatasvir" dori vositalari ajratilib, 19460 nafar bemor davolangan bo‘lsa, 2024-yilda Misr Arab Respublikasidan berilgan 61 440 quti "Sofosbuvir" dori vositalari hisobiga keng qamrovli davolash ishlari davom ettirilib, virusga qarshi davolanganlar soni 18 633 nafarni tashkil etgan.
Joriy yilning iyun oyida mamlakatimizga ushbu dori vositalarining navbatdagi partiyasi yetib kelganligi sababli, Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 18-iyundagi 01-9/527 va 01-9/528-sonli murojaatiga muvofiq, ushbu institut nomiga Misr Arab Respublikasidan "O‘zbekiston Respublikasi xalqiga Misr xalqidan sovg‘a", muruvvat (insonparvarlik) yordami sifatida yuborilgan “Gratisovir” (sofosbuvir) 400 mg film-coated tablets №28 (ishlab chiqaruvchi: European Egyptian Pharmaceutical Industries for Pharco Pharmaceuticals) dori vositalari № SOFO/1/2025 MOHP-sonli invoys, №250-00003105-sonli avia yuk xati, hamda 2025-yil 2-iyundagi № SOFO/2/2025 MOHP- sonli invoys, №250-00000306-sonli avia yuk xati asosida mamlakatimizga olib kelingan.
Mazkur dori vositalari “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan belgilangan tartibda tezkor ravishda ekspertizadan o‘tkazilib, 2025-yil 23-iyundagi 41/25-11707 va 41/25-11708-sonli xatlar bilan Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga ularning normativ hujjatlar talablariga to‘liq javob berishi haqida rasmiy xulosa taqdim etilgan.
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xabariga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan “Gratisovir” (sofosbuvir) hamda ushbu dori vositasi bilan birgalikda qabul qilinishi lozim bo‘lgan "Daclaverdin" (daklatasvir) dori vositasi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti huzurida faoliyat yuritayotgan Gepatologiya markazi tomonidan 2025-yil 26-iyundan boshlab, surunkali virusli gepatit S kasalligi aniqlangan va davoga muhtoj deb topilgan bemorlarga belgilangan tartibda taqdim etilishi boshlandi.
Shuningdek, mazkur dori vositalari hududlar kesimida taqsimlanib, har bir viloyatning yuqumli kasalliklar shifoxonalariga 2025-yil 1-iyulga qadar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tamizki, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi insonparvarlik yordami sifatida mamlakatimizga yetkazilgan dori vositalarining sifat va xavfsizligini o‘z vakolat doirasida zudlik bilan ko‘rib chiqish va ularni bemorlarga tezkorlik bilan yetkazib berilishida har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi.