NMPA va Markaz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Osiyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmalaridan biri — CPHI & PMEC China – 2025 ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Xitoy Xalq Respublikasi Tibbiy mahsulotlarni tartibga solish milliy boshqarmasi (NMPA) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘lib, farmatsevtika mahsulotlarining xavfsizligi, sifat nazorati va regulyator sohadagi qonunchilikni uyg‘unlashtirish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Memorandum doirasida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi: ☑️ dori vositalari va tibbiy buyumlarning aylanmasini tartibga solish sohasida axborot va tajriba almashish; ☑️ farmakonazorat va inspeksion faoliyatni muvofiqlashtirish; ☑️ sifat, xavfsizlik va samaradorlikka oid texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish; ☑️ mutaxassislarni tayyorlash, o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqish.
Ma’lumot uchun, Xitoy Xalq Respublikasi Tibbiy mahsulotlarni tartibga solish milliy boshqarmasi (NMPA) — mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va kosmetik vositalarni tartibga solish, ro‘yxatdan o‘tkazish va nazorat qilish uchun mas’ul markaziy davlat organidir.
NMPA dori vositalarining xavfsizligi, samaradorligi va sifati bo‘yicha milliy standartlar joriy etish, farmakonazorat tizimini yuritish, tibbiy buyumlarni nazorat qilish, hamda ishlab chiqaruvchi korxonalarni inspeksiya qilish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Shuningdek, u xalqaro regulyator organlar — FDA (AQSH), EMA (YEI), PMDA (Yaponiya) kabi tuzilmalar bilan hamkorlikda ish olib boradi.
NMPA – Xitoyda dori vositalari aylanmasini tartibga solish bo‘yicha eng yuqori va nufuzli idora hisoblanadi va farmatsevtika sohasida xalqaro standartlarni joriy etishda yetakchi rol o‘ynaydi.
Mazkur Memorandumning imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, dori vositalari va tibbiy buyumlar xavfsizligi, sifatini ta’minlash, shuningdek, sohaga oid ilg‘or xalqaro tajribani milliy regulyator amaliyotiga joriy etishda muhim huquqiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.